Amudaryo tumani hokimi kubogi uchun kurash bo‘yicha tuman ochiq birinchiligi o‘tkazildi

Kurash – bu o‘zbek xalqining qadimiy milliy sport turi bo‘lib, uning ildizlari kamida uch yarim ming yillik tarixga ega. Bu sport turi adolatli va halol yo‘l bilan maqsadga erishishni targ‘ib qiladi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng kurash milliy sport turi maqomini olib, uning rivojlanishi va xalqaro maydonga chiqishiga katta e’tibor qaratila boshlandi. 1998 yilda Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu sport turining qoidalari standartlashtirildi hamda global miqyosda targ‘ib qilina boshlandi.

Kurashning texnikalari, an’analari, qoidalari va falsafasi avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Mana shu ming yillik an’analarni saqlash va rivojlantirish maqsadida kurash bo‘yicha turli sport musobaqalari, ochiq birinchiliklar, turnirlar o‘tkazib kelinmoqda. Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov tashabbusi bilan tuman hokimi kubogi uchun Bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan ochiq birinchilik ham shular jumlasidandir.

Tumanning Chordara mahallasi hududidagi sport maktabi filiali imoratida o‘tkazilgan tuman ochiq birinchiligi musobaqalari ko‘plab yangi nomlarni kashf qilishda vosita bo‘ldi. Ikki kun davomida o‘tkazilgan musobaqalarda sportchilar turli vazn toifasida g‘oliblik uchun kurashdilar.

Hokim kubogi uchun o‘tkazilgan tuman ochiq birinchiligida amudaryolik polvonlardan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining turli hududlaridan kelgan sportchilar ham ishtirok etdi.

Musobaqalarning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, sport yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yot g‘oyalardan asrashda asosiy omil hisoblanadi. Sport orqali yoshlar o‘zlarining jismoniy kuchlarini oshirish bilan birga, jamoaviy ishlash, maqsad sari intilish va o‘z-o‘zini nazorat qilish kabi muhim ko‘nikmalarni ham rivojlantiradilar. Shuningdek, sport yoshlarga o‘zlarining energiyalarini ijobiy yo‘nalishda sarflashga ham yordam beradi. Shu sababli ham mamlakatimizda yoshlarni sportga jalb qilish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun davlat tomonidan turli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Aytish joizki, sportning yoshlar hayotidagi ahamiyati faqatgina ularning shaxsiy rivojlanishi bilan cheklanmay, balki ularning ijtimoiy munosabatlarini ham yaxshilashga xizmat qiladi. Sport musobaqalari va mashg‘ulotlari orqali yoshlar boshqa tengdoshlari bilan tanishib, do‘stlashish va o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Bu esa ularning ijtimoiy aloqalarini kengaytirish va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam beradi.

Bundan tashqari, sport yoshlarning jismoniy salomatligini mustahkamlash va ularni turli kasalliklardan himoya qilishda ham katta ahamiyatga ega. Jismoniy faollik yoshlarning immun tizimini kuchaytiradi va ularni stress va depressiya kabi ruhiy muammolardan saqlaydi. Eng muhimi, sport yoshlarga o‘zlarining maqsadlariga erishishda sabr-toqat va mehnatsevarlik kabi fazilatlarni rivojlantirishga yordam beradi. Sportdagi muvaffaqiyatlari va mag‘lubiyatlari orqali yoshlar hayotdagi muhim darslarni o‘rganadilar va bu tajribalar ularning kelajakdagi hayotlarida muhim rol o‘ynaydi.

Tuman hokimi kubogi uchun o‘tkazilgan ochiq birinchilik ham mana shunday maqsadning ro‘yobga chiqishini ko‘zlab amalga oshirilgan ijtimoiy tadbirdir.

Ochiq birinchilik yakunlariga ko‘ra yoshlar o‘rtasidagi barcha vazn toifalarida Amudaryo tumani BO‘SM sportchilari g‘olib bo‘ldi. Jumladan, 55 kilogramm vazn toifasida Azamat Sobirov, 60 kilogramm vazn toifasida Javohir Bozorboyev, 71 kilogramm vazn toifasida Karomaddin Yo‘ldoshevlarga teng keladigan polvon topilmadi. Kattalar o‘rtasida 60 kilogramm vazn toifasida nukuslik Paraxat Yerejepov, 66 kilogramm vazn toifasida amudaryolik Sardor Og‘aboyev, 73 kilogramm vazn toifasida gurlanlik Siroj Saparimbetov, 81 kilogramm vazn toifasida ham gurlanlik Izzat Rahimboyev, 81 kilogrammdan ortiq vazndagi kurashchilar o‘rtasida esa amudaryolik Samir Nazarboyevlar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida amudaryolik polvonlar birinchi o‘rinni egallashdi. 2-o‘rin Nukus shahri jamoasiga, 3-o‘rin esa Gurlan tumani polvonlariga nasib etdi. Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilarga tuman hokimligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Chorsham Tajimurodov, tuman Sport maktabi direktori.