Yurt obodligi va farovonligi yo‘lidagi asosiy vazifalar belgilab olindi

Bahor kirib kelishi bilan butun tabiat uyg‘ondi. Qishning izg‘irinli kunlari yakunlanib, ona zaminimizda yangilanish, yasharish boshlandi. Tabiatning bizga bergan ne’matlaridan unumli foydalanish, yurtimiz obodligiga hissa qo‘shish har birimizning insoniy burchimizdir!
     Bugun ertalab Amudaryo tumanidagi markaziy o‘yingohda yurt obodligi va xalq farovonligini ta’minlash borasidagi asosiy vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, respublika va tumandan biriktirilgan vakillar va mas’ul rahbarlar, hokim o‘rinbosarlari, fermerlar, korxona-tashkilotlar rahbarlari, "mahalla yettilik" mas’ullari ishtirok qildilar.
    Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025-yil 3-martdagi topshirig‘iga muvofiq tumanda Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, tuman markazi va qishloq aholi punktlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarini mavsumga tayyorlash, kanal va ariqlarni betonlashtirish, shuningdek, yangi tizim asosida aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishi borasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish va aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududlarida bajarilishi lozim ishlar yuzasidan asosiy vazifalar belgilab olindi va tegishli topshiriqlar berildi.
     Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tumanimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarida aholining daxldorlik hissini shakllantirish, ushbu xayrli amallarga javob tariqasida aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, xonadonlarda tozalik ishlarini tashkil etish, tomorqalardan unumli foydalanib, bir qarich yerga ham ekin ekish lozimligi xususida so‘z yuritdi.
    Shuningdek, tuman hokimi o‘z so‘zida Navro‘z umumxalq bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda bayram tantanalarini avvalgi yildagilarga o‘xshamagan, o‘zgacha tarzda tashkil etish, xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, bayram arafasida beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
    Yig‘ilish mobaynida tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha respublikadan biriktirilgan vakil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va aloqa masalalari qo‘mitasi raisi Islam Sdikov so‘zga chiqib, bugungi kunda tumanni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy  rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, bularning barchasi muhtaram Prezidentimizning xalq farovonligi yo‘lidagi mislsiz islohotlarining samarali natijasi ekanligini alohida ta’kidladi va hamjihatlikda islohotlar ijrosi borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligi yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi. Mas’ul vakil o‘z so‘zida tumanni har tomonlama kompleks rivojlantirish borasidagi ishlarda har bir rahbar mas’uliyati doirasidagi ishlarni o‘z vaqtida samarali tashkil etishi lozimligini ta’kidlab, natijadorlikka erishishda har doim amaliy yordamga tayyor ekanligini bildirdi.   

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.