AYOL VA JAMIYAT

Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti bir qator omillar asosida yuz beradi. Bu jarayonda ayollar, ularning ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi ishtiroki, huquq va erkinliklari amalda ta'minlanganligi masalasi davlatlar rivojining hamda demokratiyaning muhim indeksi sanaladi. Zotan, ayol va uning jamiyat hayotidagi o'rni hamisha muhim mezon bo'lib kelgan.

Har qanday ijtimoiy tuzilma asosida ayollarning reproduktiv imkoniyatlari bilan bir qatorda yangi avlodning shakllanishi va rivojlanishida ham ularning o'rni beqiyos. Jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlashning asosiy printsiplari mavjud bo'lib, bular qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins bo'yicha kamsitishga yo'l qo'yilmasligi, ochiqlik va shaffoflikdir.

Dunyo mamlakatlari qatorida va xalqaro hamjamiyatda munosib o'ringa ega bo'lgan O'zbekistonning davlat va jamiyat sifatidagi taraqqiyoti silsilasida ayolning o'rni, uning siyosiy va huquqiy madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish faoliyati: ayollar huquqlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish; ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish; aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to'g'risida xabardorligini oshirish; huquqni qo'llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta'minlash uchun mas'ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me'yorlar asosida o'qitish kabi asosiy yo'nalishlardan iborat.

Mamlakatimizda ayol qadrini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, albatta, bu borada huquqiy asoslar yaratilganligi va muntazam takomillashtirib borilayotganligi bilan hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar» deb belgilanganligi mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish borasidagi tizimli islohotlar uchun bosh huquqiy asos bo'lib xizmat qilmoqda.

Yurtimizda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida» «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida», «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to'g'risida»gi qonunlar qabul qilinib, bu boradagi islohotlar yanada takomillashtirildi.

N.Madiyorova, Amudaryo tumani Adliya bo’limi DXM bosh mutaxassisi.