Dorixonalar faoliyatini tartibga solish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Respublikamizda so‘nggi yillarda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika muomalasini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Aholini sifatli, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika bilan ta’minlashni yanada yaxshilash hamda farmatsevtika mahsulotlari muomalasini tartibga solish jarayonlari takomillashtirilmoqda.

Shu bilan birga, farmatsevtika sohasini isloh qilish, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni takomillashtirish va dorixonalar faoliyatini tartibga solishga masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida ushbu masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Maqset Utepbergenov, tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Islom Yusupov hamda tumandagi dorixona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Unda departamentning tuman bo‘limi boshlig‘i Maqset Utepbergenov tomonidan dorixonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati xususida, ushbu yo‘nalishda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tushunchalar berildi.

Ta’kidlanganidek, dorixonalar faoliyatini rivojlantirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilinib, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, tizimdagi to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Aytish joizki, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, fuqarolarni sifatli hamda arzon dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu sohaga dolzarb masala sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, olib kirish va aylanmasini hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish hamda qonuniy aylanishini ta’minlash, shuningdek, ushbu mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy qilish maqsadida imzolangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

Mazkur qaror bilan Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari va tibbiy buyumlarni guruhlarga bo‘linishini nazarga tutgan holda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tizimini 2022-2025-yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan hamda majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari hamda dori vositalari va tibbiy buyumlar turlari ko‘rsatilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan belgilangan dori vositalari va tibbiy buyumlarini chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash talablari va shartlari asosida litsenziya talablariga rioya qilish zarurligi xususida so‘z yuritildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.